Ekologik, tibbiy-ijtimoiy omillar natijasida allergik va nafas yo‘llari kasalliklari ko‘payayotgani ushbu muammoga qarshi kurash ishlarini yanada kuchaytirishni talab etayotir. 

Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan allergologiyaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanda shu haqda so‘z bordi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ilmiy ixtisoslashgan allergologiya markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda olimlar, allergolog, pediatr, pulmonolog, dermatolog va umumiy amaliyot shifokorlari ishtirok etdi. 


Respublika ilmiy ixtisoslashgan allergologiya markazi direktori O.Nazarov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimini isloh etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini yuksaltirish, amaliyotga jahon tibbiyotining ilg‘or uslublarini joriy etish va tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotganini alohida ta’kidladi. 

Mamlakatimizda aholiga allergologiya xizmati ko‘rsatishning zamonaviy tizimi yaratilgan. Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari umumiy amaliyot vrachlari bu yo‘nalishda jahon andozalalari darajasida tibbiy-profilaktika yordami ko‘ratmoqda. 

Respublika ilmiy ixtisoslashgan allergologiya markazida yiliga o‘n mingga yaqin aholiga tibbiy-maslahat va davolash yordami ko‘rsatilmoqda. Allergologiya xizmatida jahon tibbiyotining ilg‘or uslublari joriy etilgani kasalliklarni barvaqt aniqlash va samarali davolash imkoniyatini kengaytirayotir. Tibbiy-profilaktika ishlari sifatini oshirish maqsadida bir qator tibbiyot muassasalarida «Astma» va «Allergiya» maktablari tashkil etilgan. 

Ilmiy-amaliy anjumanda ilm-fan va tibbiyot tizimida erishilayotgan ana shunday muhim yangiliklar, profilaktika, tibbiy tashxis va davolash ishlarida qo‘llanilayotgan yangi vositalar, zamonaviy texnologiyalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. 

Manba: Uza.Uz