Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida zamonaviy tilshunoslik va tarjimashunoslikning dolzarb masalalariga bag‘ishlab ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. 


Universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori F.A’zamov va boshqalar mamlakatimizda yoshlarning ta’lim olishi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol o‘zlashtirishi, zamonaviy kasb-hunar, xorijiy tillarni o‘rganishi uchun barcha imkoniyat yaratilganini ta’kidladi. Ta’lim tizimining barcha bosqichlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida o‘g‘il-qizlarimiz muayyan mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olish bilan birga xorijiy tillarni ham puxta o‘rganmoqda. 

Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bunday yigit-qizlar safini yanada kengaytirish, ularning xalqaro ko‘lamda ilm olishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, xorijiy tillarni bilish darajasini yuksaltirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

Mamlakatimizda zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qitishning ilg‘or uslublarini joriy etish, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Shuningdek, o‘zbek tilidan jahon tillariga va jahon tillaridan o‘zbek tiliga tarjimalarni keng yo‘lga qo‘yish, xorijiy tillarni mamlakat ta’lim tizimida izchil va chuqur o‘rgatish, iqtidorli yetuk mutaxassislarni tayyorlashga katta ahamiyat qaratilmoqda. 

An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur anjuman ham xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishdagi eng ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy tilshunoslik va tarjimashunoslikning dolzarb masalalarini nazariy va amaliy jihatdan keng tahlil etish imkonini beradi. 

Anjumanda tillarni qiyosiy o‘rganish muammolari, tarjimashunoslikning nazariy va amaliy asoslari, qiyosiy tilshunoslik va tarjimashunoslik, soha mutaxassislari malakasini oshirish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. 

Uza.Uz