Termiz ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kolleji o‘quvchilari yangi o‘quv yilini tubdan rekonstruksiya qilingan va zamonaviy jihozlangan yangi binoda boshladi. 


Mamlakatimizda yosh avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, iste’dod va salohiyatini keng namoyon etishi uchun zarur shart-sharoit yaratilgan. Yangidan barpo etilayotgan, rekonstruksiya qilinayotgan ta’lim muassasalarining zamonaviy usulda jihozlanayotgani ularning ilm-fan, madaniyat, san’at, sport va boshqa sohalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishi va o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lib kamol topishida muhim ahamiyat kasb etayotir. 

– Kollejimiz 800 o‘ringa mo‘ljallangan, – deydi Termiz ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kolleji direktori Isroil Botirov. – Yangi o‘quv yilini qayta rekonstruksiya qilingan yangi binoda boshladik. Quruvchilar barcha ishlarni belgilangan muddatlarda tez va sifatli amalga oshirdi. Buning uchun 849 million so‘m mablag‘ sarflandi. O‘quvchilarning o‘zlari tanlagan kasb sirlarini yanada puxta o‘rganishi uchun barcha qulayliklar yaratildi. Isitish qozoni yangidan qurildi. 

Surxondaryo viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda yettita kasb-hunar kolleji rekonstruksiya qilinib, ikkitasi kapital ta’mirlangan. Barcha qulayliklarga ega ustaxonalar qurilib, zamonaviy jihozlangan. 

Uza.Uz