O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan e’lon qilingan motam kunlari doirasida ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan “Xotira darslari” oldidan pedagogik jamoalar, o‘quvchi va talabalar Yurtboshimizning surati poyiga gullar qo‘yib, buyuk inson xotirasiga cheksiz ehtirom ko‘rsatdi. 


Namangan shahridagi 12-umumta’lim maktabida yangi o‘quv yilining birinchi kuni shu tarzda boshlandi. 

Tarix fani o‘qituvchisi Sevara Tursunova dunyo tan olgan Prezident Islom Karimov faoliyati, mardonavor va shijoatli rahbarligining o‘ziga xos qirralari haqida hikoya qilib berdi. 

– Siz nonushtangizni xotirjam qilib, ustingizga chiroyli, ozoda kiyim kiyib, maktabga shoshasiz, – deydi S.Tursunova o‘quvchilarga. – Mana shuning o‘zi ulkan baxt ekanini hamma ham har doim his etavermaydi. Xuddi shu paytda yer yuzining ayrim mamlakatlarida odamlar, yosh o‘spirinlar yonida qurol bilan tong ottirishini, bolalar salomat uyqudan uyg‘onishni, biror yegulik topishni o‘ylab azob chekayotganini xayolimizga ham keltirmaymiz. Prezidentimiz Islom Karimov bizga, xalqimizga shunday tinch-osoyishta hayotda yashash imkoniyatini yaratib bergan buyuk inson. 

Shundan so‘ng o‘quvchilar mustaqilligimiz me’mori Islom Karimov hayoti va faoliyatiga oid hujjatli filmni tomosha qildi. Film namoyishidan so‘ng o‘quvchilar o‘zaro savol-javob asosida Prezidentimiz asarlari haqidagi bilimlarini yanada mustahkamladi. 

“Xotira darslari" viloyatdagi uch oliy o‘quv yurti, 118 akademik litsey va kasb-hunar kolleji, 683 umumta’lim maktabida, 22 davlat ixtisoslashgan maktab-internatida ham o‘tkazildi. 

Uza.Uz