Navoiy shahrining “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 14-umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘quv yilini yangi maktabda boshladi. 

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda ta’lim tizimini tubdan isloh qilish jarayonida uning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, yosh avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, iste’dod va salohiyatini keng namoyon etishi uchun barcha sharoit yaratilgani alohida ta’kidlandi. 


Joriy yilda Navoiy viloyatida umumta’lim maktablarining 1-sinfiga 17 ming 800 dan ziyod bola qabul qilindi. Yangi o‘quv yili “Xotira darsi” bilan boshlandi. 

– Yangi o‘quv yilini mana shunday zamonaviy binoda boshlaganimizdan nafaqat pedagogik jamoamiz, balki ota-onalar ham juda xursand, – deydi maktab direktori Gulnora O‘rinova. – 630 o‘ringa mo‘ljallangan ta’lim maskani barcha o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan. Qariyb 5 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan yangi maktab yoshlarning har tomonlama barkamol ulg‘ayishiga xizmat qiladi. 

Joriy yilda viloyatda investitsiya dasturiga asosan 16 umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, ayni maqsadlar uchun 14 milliard 709 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. 

Tadbirda Navoiy viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi. 

Uza.Uz