Mustaqilligimiz asoschisi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasi qalblarimizda abadiy yashaydi. U kishining bizga qoldirgan merosi – tinch va osoyishta Vatan, farovon turmush, yuksalish va yutuqlarni davom ettirish har birimizning muqaddas burchimizdir. Yurtdoshlarimiz bu buyuk inson ishlab chiqqan uzoq yillarga mo‘ljallangan dasturlarni amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shish, bu g‘oyalarga sodiq bo‘lish haqida qalb so‘zlarini bildirmoqda. 


Hasanboy Do‘stmatov, bokschi, XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi: 

– Prezidentimizning vafoti haqidagi qayg‘uli xabarni eshitib, butun O‘zbekiston xalqi, jumladan, yoshlar chuqur iztirobga tushdi. 

Bobom har safar meni musobaqaga kuzatarkan «Boshing omon bo‘lsin! Ilohim, yurtimiz doimo tinch bo‘lsin, o‘z yurtidan, farzandlari yutug‘idan faxrlanish tuyg‘usini bergan mustaqilligimizga ko‘z tegmasin. Orzularimiz ijobatiga rahnamo bo‘lib turgan Yurtboshimiz omon bo‘lsin!», deb duo qilardi... 

Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda sinfxonamizda Prezidentimizning suratiga qarab, u kishi bilan ko‘rishishni orzu qilardim. U kishi biz, yoshlarning, millatning otasi edi. Bizni har doim «Bolalarim, farzandlarim!» derdi. 

Men oddiy dehqonning bolasiman. Sportda erishayotgan yutuqlarimning bosh omili Prezidentimizning yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratgan doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligidir. Braziliyada o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida ham biz sportchilar ana shu mehr va ishonchni qalbdan his qilib, bunga munosib javob berishga ahd qildik. 

XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdim. Yurtboshimiz yutug‘imni yuksak baholab, 2016-yil 24-avgustdagi farmoni bilan meni «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni bilan taqdirladi. 

Olimpiadadagi oltin medalimni Prezidentimizga sovg‘a qilmoqchi va keyingi Olimpiadalarda ham munosib ishtirok etishimiz uchun u kishining duosini olmoqchi edim. 

Biz uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib bergan Prezidentimiz nomini hech qachon unutmaymiz. Unutishga haqqimiz yo‘q! 

Elmurod Tasmurodov, yunon-rum kurashi bo‘yicha Osiyo chempioni, jahon chempionati va XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari sovrindori: 

– Prezidentimiz hamisha yurti, xalqi uchun yonib, jonini fido qilib yashadi. Yurtboshimizning biz yoshlarga «buyuk kelajagimiz egalari» deya alohida mehr ko‘rsatgani, har birimizni bag‘riga bosishga, nimaiki orzuimiz bo‘lsa ijobat qilishga tayyor ekani hech qachon yodimizdan chiqmaydi. 

Islom Karimovning xalqimizga in’om etgan eng oliy tuhfasi, shubhasiz, yurtimizning tinchligi, osmonimiz musaffoligidir. Tinchlik bo‘lmasa, hech qanday g‘alaba ham, bayram ham tatimasligini yaxshi bilamiz. 

Men mustaqilligimiz e’lon qilingan 1991-yili tug‘ilganman. Butun hayotim, sportda erishgan yutuqlarim mustaqil Vatanimiz, Prezidentimizning e’tibor va g‘amxo‘rligi bilan chambarchas bog‘liq. Mamlakatimizda yoshlarning kamoloti uchun yaratilgan keng imkoniyat va sharoitlar tufayli xalqaro maydonlarda ulkan natijalarga erishayapmiz. Buning uchun Yurtboshimizning xotirasi oldida ta’zim qilamiz. 

Braziliyada o‘tgan Olimpiya o‘yinlaridagi g‘alabalarimizni xalqimiz, Prezidentimiz katta quvonch bilan kutib olgan edi. Yurtboshimiz kamtarona mehnatimni yuksak baholab, 2016-yil 24-avgustdagi farmoni bilan “Mehnat shuhrati” ordeniga munosib ko‘rdi. Afsus, u kishi bilan ko‘rishish, davlat mukofotini o‘z qo‘llaridan olish, minnatdorchiligimni izhor qilish orzusi endi menga armon bo‘lib qoldi... 

Prezidentimizning ruhini shod qilish uchun biz, sportchilar bundan keyingi nufuzli xalqaro musobaqalarda, xususan, 2020-yili Yaponiyada bo‘ladigan Olimpiadada ham Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga va’da beramiz. 

Uza.Uz