Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tayotgan XV Paralimpiya o‘yinlarining dastlabki kunida o‘zbekistonlik sportchilar 3 oltin, 2 kumush va 3 bronza medalga sazovor bo‘ldi. 


Dunyoning 160 dan ziyod davlatidan to‘rt mingdan ortiq sportchi ishtirok etayotgan nufuzli musobaqada sportchilarimiz dzyudo, suzish, yengil atletika, o‘q otish va pauerlifting bo‘yicha Vatanimiz sharafini himoya qilmoqda. 

Paralimpiya o‘yinlarining dzyudo bo‘yicha vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi bellashuvlarida qatnashgan Sherzod Namozov urugvaylik Xenri Borges, ozarbayjonlik Ramin Ibrohimov, finalda yaponiyalik Makoto Xiroseni yengib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. 

Vazni 66 kilogrammgacha bo‘lgan dzyudochilar bahsida qatnashgan O‘tkir Nig‘matov puerto-rikolik Luiz Dias Peres, ukrainalik David Xorava va ozarbayjonlik Bayram Mustafoyevni mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. 

O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobiga yana bitta oltin medalni yengil atletika bahslarida ishtirok etgan Husniddin Norbekov keltirdi. Tajribali sportchimiz disk uloqtirish bahslarida 59,75 metr natija qayd etib, birinchi o‘rinni egalladi. Uning ko‘rsatgan natijasi jahon va Paralimpiya o‘yinlari rekordi sifatida qayd etildi.

G‘olib sportchilarimiz sharafiga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi. 

Dzyudo bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahsida qatnashgan Sevinch Salayeva uchinchi o‘rinni egalladi. 

100 metrga batterflyay usulida suzish bahslarida Kirill Pankov 56,84 soniya natija ko‘rsatib kumush medalni, Muzaffar Tursunxo‘jayev 57,26 soniya natija bilan bronza medalni qo‘lga kiritdi. 

Xotin-qizlar o‘rtasida 100 metrga batterflyay usulida suzish bo‘yicha final bosqichida ishtirok etgan Muslima Odilova 1 daqiqa 04,92 soniya natija ko‘rsatib kumush medalni, Fotimaxon Amilova 1 daqiqa 04,93 soniya natija bilan bronza medalni qo‘lga kiritdi. 

Ayni paytda O‘zbekiston sport delegatsiyasi medal jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida Xitoy va Buyuk Britaniyadan keyin uchinchi o‘rinda bormoqda. 

Uza.Uz